“Dars-muqaddas” tavsiya
Xalq ta’limi vazirligining 2011 yil 15 oktyabrdagi 02-3821-sonli xatida umumta’lim maktablarida o‘quv-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish hamda ta’lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida ishlab chiqilgan “Dars-muqaddas” deb nomlangan tadbirlar majmuasini amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Umumta’lim maktablarida o‘quv-tarbiya jarayonini
samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar
Mustaqillik yillarida yurtboshimiz rahnamoliklarida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini zamon talablari darajasiga ko‘tarish davlat siyosatining ustivor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Buning uchun davlat umummilliy dasturlari doirasida barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, 2004-2009 yillarda 8501 ta maktablar yangidan qurildi, rekonstruksiya qilindi, mukammal ta’mirlandi. Ular zamonaviy o‘quv mebellari, kompyuter sinflari hamda laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlandi.
Joriy yilda ham 45 ta maktab yangi qurildi, 121 ta maktab rekonstruksiya bo‘ldi, 151 ta maktab kapital ta’mirlandi.
Pedagoglarning oylik maoshlari ham yildan yilga oshib bormoqda. YAxshi, fidoyi o‘qituvchilarning mehnatlarini rag‘batlantirish uchun “Direktor jamg‘arma”lari faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda ilm-fan, texnika va ishlab chiqarish sohalarining tez sur’atlarda jadallik bilan rivojlanishi ta’lim tizimi xodimlaridan ta’lim-tarbiya sifatini mazmun jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishni talab etib, har bir tizim xodimi, ayniqsa o‘qituvchilar zimmasiga yanada yuksak mas’uliyat va vazifalarni yuklaydi.
Ta’lim-tarbiya tizimining bugungi kundagi asosiy vazifasi o‘quvchilarni Vatanimiz sevadigan, o‘z bilimi va iste’dodiga suyanadigan hamda mustaqil ravishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bilim oladigan qilib tarbiyalashdan iborat. Mazkur vazifalar samarali darslar orqali amalga oshiriladi.
I. “DARS - MUQADDAS” tadbirini amalga oshirish:
1.1. O‘qituvchining darsga puxta tayyorgarligi ta’limning muvaffaqiyatli va samarali bo‘lishining garovidir.
Dars bu sinfda aniq maqsadlarni ko‘zlab, belgilangan vaqt oralig‘ida o‘qituvchi rahbarligida o‘quvchilar uchun o‘quv-tarbiya jarayonining tashkil etilishidir.
SHunday ekan, har bir o‘qituvchi darsga tayyorlanmasdan turib kirishga vijdoni yo‘l qo‘ymasligi, tayyorlanmasdan (dars ishlanmasisiz) kirgan darsiga esa ish haqi olmasligini bilishi lozim.
O‘qituvchining darsga tayyorgarligi shartli ravishda ikkiga bo‘linadi:
1. O‘qituvchining o‘z fani yuzasidan umumiy tayyorgarligi;
2. O‘qituvchining har bir darsga kundalik tayyorgarligi.
O‘qituvchining umumiy tayyorgarligi muntazam amalga oshadigan jarayon bo‘lib, o‘quv yili boshlanishi oldidan quyidagilarni qamrab oladi:
- Davlat ta’lim standarti, o‘quv dasturi, o‘quv reja hamda ularga berilgan tushuntirish xatlarini o‘rganib chiqish;
- faniga oid yangi ilmiy va metodik adabiyotlarning mazmuni bilan tanishish;
- tegishli ko‘rgazma materiallarni, o‘quv-jihozlarini o‘rganish, ularni qo‘llay bilim;
- ilg‘or o‘qituvchilarning ish tajribalarini o‘rganish, tahlil qilish orqali bilimini kengashtirish kabilardir.
Darsga tayyorgarlikning eng asosiysi bu o‘qituvchining har bir darsga kundalik tayyorgarligidir.
Darsga tayyorgarlik ko‘rish quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi lozim:
1-bosqich: Taqvim-mavzu rejadagi yangi mavzu va unga ajratilgan vaqt (soat) aniqlashtirib olinadi.
O‘qituvchining taqvim-mavzu rejasining namunaviy shakli
T.r |
Mavzular |
Mavzuga ajratilgan dars soati |
Dars o‘tiladigan sana (Dars bo‘yicha sana yoziladi) |
Izoh |
1. |
|
|
|
|
2. |
|
|
|
|
3. |
|
|
|
|
2-bosqich: DTS va o‘quv dasturidan o‘tilayotganmavzuda qanday tushunchalar (bilim, ko‘nikma va malakalar) shakllantirilishi lozimligi aniqlashtirib, shu asosida dars maqsadlari belgilab olindi.
3-bosqich: Mavzu asosida darsda foydalaniladigan texnik vositalar, ko‘rgazmali va didaktik materiallar, adabiyotlar o‘rganib chiqiladi hamda dars ishlanmasi (konspekti) yoziladi.
1.2. Dars ishlanmasi (konspekt)ning tarkibiy qismlari quydagilardan iborat:
Sana, sinf (parallel sinflar uchun bitta mavzu bo‘yicha alohida-alohida dars ishlanmasi (konspekt)ni yozish shart emas, bitta mavzuga bitta dars ishlanmasi yozilsa kifoya. 5-a, b-sinflar deb ko‘rsatiladi), fan nomi yoziladi.
Darsning mavzusi (taqvim-mavzu reja asosida).
Dars maqsadi (darsga qo‘yilgan maqsad 45 daqiqa davomida bajariladigan (erishiladigan), aniq xayotiy (real) va dars yakunida baxolanadigan (o‘lchamli) bo‘lishi maqsadga muvofiq):
a) Ta’limiy maqsad - dars jarayonida o‘quvchilarda shakillantiriladigan bilim, ko‘nikma va malakalar asosida belgilanadi;
b) Tabiyaviy maqsad - dars jarayonida o‘quvchilarda qaysi ahloqiy sifatlar shakillantirilishi asosida belgilanadi;
s) Rivojlantiruvchi maqsad - dars natijalarida o‘quvchilarda qaysi bilimlar va ahloqiy fazilatlar rivojlantirilishi asosida belgilanadi.
Dars turi: (quyidagicha bo‘lishi mumkin: yangi tushuncha, bilimlarni shakllantiruvchi; o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini rivojlantiruvchi; umumlashtiruvchi; o‘quvchilar egnallagan bilim, ko‘nikma va malakalarini tahlil, nazorat qiluvchi darslar).
Darsda foydalaniladigan turli xil metodlar (an’anaviy, zamonaviy, interfaol kabilar)dan eng yaxshisi bu o‘tilayotgan mavzuning o‘quvchilar tomonidan samarali o‘zlashtirilishiga xizmat qiladigani.
Darsda foydalaniladigan jihozlar (texnik vositalar, ko‘rgazmalar va didaktik materiallar).
Darsni tarkiban quyidagi qismlarga ajratish mumkin:
Tashkiliy qism;
O‘tilgan mavzuni takrorlash (mustahkamlash);
YAngi mavzuni tushuntirish;
YAngi mavzuni mustahkamlash;
O‘quvchilarni baholash;
Uyga vazifa berish.
Dars ishlanmasini tayyorlashda o‘qituvchi darsning har bir qismini e’tiborga olishi maqsadga muvofiq.
Dars ishlanmasi (konspekt) hamma o‘qituvchida bo‘lishi shart. Lekin dars ishlanmasi qanday hajmda, necha varaqdan iborat bo‘lishi o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq. Bunda hamma o‘qituvchi uchun bir xil chegara, cheklanish o‘rnatib bo‘lmaydi.
Agarda o‘qituvchi dars berayotgan o‘quvchilarning o‘zlashtirish samaradorligi yuqori bo‘lsa, o‘quvchilari turli ko‘rik-tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan bo‘lsa, o‘qituvchining dars jarayoniga maktab ma’muriyati va xududiy xalq ta’limi boshqaruvi idoralari xodimlari tomonidan xalaqit berishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dars ishlanmasi (konspekt) qo‘lyozma shaklida yoki kompyuterda ham yozilishi mumkin. Dars ishlanmasini kompyuterda yozishning eng muhim yagona sharti, shu o‘qituvchining o‘zi kompbyuterda ishlashni bilishi lozim.
Direktorning o‘quv tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari har bir o‘qituvchining dars ishlanmasini ko‘rib, tasdiqlash jarayonida o‘qituvchilarda darsga kirish uchun quyidagi eng minimum hujjatlar bo‘lishini nazorat qiladi:
- dars ishlanmasi (konspekt)
- taqvim-mavzu reja
- o‘quv dasturi
- darslik
1.3. O‘qituvchilarni o‘z ustilarida mustaqil ishlashlari, ijodiy izlanishlari orqali ta’lim samaradorligini oshirishga yordam beradigan omillardan biri bu muntazam ravishda o‘qituvchilarning darslarini tahlil qilishdir.
O‘qituvchi darsini kuzatish va tahlil qilish, ularning pedagogik mahorati, ish tizimi, o‘quvchilarining o‘zlashtirishi, bilim darajasi kabi sohaviy va kasbiy layoqati yuzasidan xulosa chiqarish hamda o‘qituvchilarning o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi.
Dars tahlili kuzatish, o‘rganish shaklida olib boriladi.
Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi mudirlari, o‘rinbosarlari, metodistlari tomonidan haftasiga kamida 2 soat, ta’lim muassasalari direktorlari, ularning o‘rinbosarlari tomonidan 4 soat, fan metodbirlashma rahbari tomonidan 2 soat, o‘qituvchilari tomonidan 1 soat o‘qituvchilar darslari kuzatilishi va tahlil qilinishi talab etiladi.
Dars kuzatish va tahlil qilish orqali o‘quvchilarning umumiy tayyorgarligi, bilim olishdagi faolliklari, fanga bo‘lgan qiziqishlari, o‘quv materiallari va jihozlar bilan mustaqil ishlay bilishlari, o‘qituvchiga bo‘lgan munosabatlari aniqlanib, dars tahlil qilinadi. Bunda asosiy mezonlar sifatida o‘qituvchi tomonidan dars maqsadining to‘g‘ri qo‘yilganligi, o‘quv dasturi asosida dars jarayonini to‘g‘ri rejalashtirishi, materiallarini bilish darajasi, yangi mavzuni tushuntirish jarayonida asosiy g‘oyani ajratib olishi, ilmiylik, ko‘rgazmalilik tamoyillariga rioya qilishi, darsda hamkorlikka erisha olishi, bilim va ko‘nikmalarini o‘zlashtirishni nazorat etishi, dars mobaynida vaqtdan unumli foydalanishi va pedagogik muomala madaniyatini egallaganlik darajasi kabi jihatlar inobatga olinadi.
Sifatli dars bu o‘quvchilar tomonidan samarali o‘zlashtirilgan dars.
Dars boshlangandan keyin xech kimning ushbu jarayonga xalaqit berishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Darsning tahlili quyidagi turlarga bo‘linadi:
1. Ilmiy tahlil; 2. Psixologik tahlil; 3. Metodik tahlil; 4. Didaktik tahlil; 5. Umumpedagogik tahlil boshqa tahlillar (yoki bularning hammasini qamrab oladigan kompleks tahlil).
O‘qituvchilarning darslarini tizimli tahlil qilish amaliyotining joriy etilishi o‘quvchilarga amaliy-metodik tavsiyalar bergan holda darslarni samaradorligini oshishiga yordam beradi.
Ta’lim muassasalaridagi fan metodbirlashmalarining asosiy vazifasi o‘zaro tajriba almashish asosida ta’lim va tarbiya jarayoniiga ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida samarali tashkil etilishini ta’minlashdan iborat.
Fan metodbirlashmalari ta’lim muassasalarida fan oyliklari, ochiq darslar festivallari jarayonida o‘tkaziladigan barcha turdagi ochiq darslarni asosan o‘rganilishi qiyin yoki murakkab bo‘lgan mavzular asosida tashkil etilishini ta’minlaydi.
Har bir fan yo‘nalishidagi metodbirlashmalarda “Men o‘zlashtirilishi qiyin bo‘lgan mavzular bo‘yicha darslarni qanday tashkil etaman” mavzusidagi ochiq muhokamalar tashkil etiladi.
II. Sinfda ta’lim sifatini oshirishga ta’sir qiluvchi omillardan biri sifatida “Tengdoshlar” tizimi joriy etiladi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, sinf rahbarlari, fan o‘qituvchilari bu tizimni joriy etishdan oldin o‘quvchilarga “Tengdoshlar” so‘zining ma’nosini tushuntiradi, ayniqsa “Teng” so‘ziga e’tibor qaratadi.
Sinf o‘quvchilarining umumiy bilim saviyasini oshirish uchun bilimi va o‘zlashtirish qobiliyati yuqori bo‘lgan o‘quvchilarga mavzularni o‘zlashtirishda qiynaladigan sinfdoshlari biriktiriladi.
Bunda o‘quvchilarning uy vazifalarini bajarilishida, murakkab (tushunmagan) mavzularni o‘zlashtirishlarida bir-birlariga ko‘maklashishlari maqsadida yashash manzillari bir-biriga yaqin bo‘lgan o‘quvchilarni bir-birlariga biriktirish va sinfda bitta partaga o‘tqazish maqsadga muvofiqdir.
Har bir o‘quvchining shaxsan xususiyatlari, qobiliyatlarini inobatga olgan holda ularga ta’lim-tarbiya berish jarayonini samarali tashkil etish lozim. Jumladan, o‘quvchilarda maktab yoshidan boshlab o‘z-o‘zini boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish orqali sinfda ijobiy muhitni yaratish uchun “Tartib posboni” tizimi joriy etiladi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, sinf rahbari sinfdagi sho‘x, jismonan baquvvat, dars jarayoniga xalaqit beradigan, etakchi (lider)lik qobiliyati yuqori bo‘lgan o‘quvchi bilan ta’sirchan tushuntirish ishlarini olib borib, ular “Tartib posboni” etib tayinlanadi.
Bunda o‘qituvchi o‘qitishning interfaol usullaridan foydalangan holda o‘quvchilarni birgalikda bilim olishga yo‘naltiradi hamda “Tartib posboni” vazifasiga tayinlangan o‘quvchilarning mas’uliyatlari yuqori ekanligini ta’kidlab, maktab ma’muriyati, sinf rahbarlari va o‘qituvchilar ularga katta ishonch bildirganligini tushuntirib ruhlantiradi.
Eng muhim bu tavsiyalar hisobotbozlik uchun emas, o‘quv jarayonini to‘g‘ri tashkil etish uchun, ta’lim sifatini oshirish uchun ishlab chiqilgan. Pedagogik jamoalar ijodiy yondashgan holda bu tavsiyalar asosida oddiy va ta’sirchan metodlarni ishlab chiqishlari mumkin.
Har bir o‘qituvchi uning eng birinchi asosiy vazifasi sifatli dars o‘tib, yaxshi tarbiya berish ekanligini, darsning muqaddasligini mas’uliyat bilan anglashi lozim.